Axborot xavfsizligi va raqamli transformatsiya bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan Softline xalqaro IT-kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqda. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.
Bu tashkilotning Markaziy Osiyodagi ikkinchi ofis bo‘ladi. Respublikada Softline mahsulotlarni joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha to‘liq xizmatlar majmuasini taqdim etadi. Kompaniya o‘z mahsulotlari va yechimlarini ilgari surish bilan bir qatorda, vendorlar (o‘z mahsulotini yetkazib beruvchi) bilan hamkorlik qilishni ham rejalashtirmoqda.
«Oʻzbekistonda Softline guruhi faoliyatini boshlashidan xursandmiz. Natijada koʻproq mijozlar raqamli transformatsiya bilan bogʻliq vazifalarini hal qila olishadi», – deydi kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Roman Yashin.
Softline – Rossiya, Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa, Hindiston va Amerika bozorlarida faoliyat yurituvchi IT-kompaniya. 2023-yilda uning aylanmasi 91,5 mlrd rublga (12,1 trln so‘m) yetdi. Kompaniyaning Qozog‘istonda ham o‘z vakolatxonasi mavjud.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Ozon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangani haqida xabar bergan edi.