Yangiliklar

Yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 120 million so‘mgacha ipoteka krediti ajratiladi

20 yil muddatga
Foto: JanPietruszka / depositphotos.com

Yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun asosiy stavkadan 4 foiz bandga yuqori stavkada 120 million so‘mgacha 20 yil muddatga ipoteka kreditlarini ajratish belgilandi. Bu borada hukumat qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun ham kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lab berish belgilangan.

Shuningdek, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda kadastr pasportini rasmiylashtirish bilan bog‘liq to‘lovlar qiymati 50 foizga kamaytiriladi.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar «subsidyplatform.mf.uz» to‘lov platformasi orqali ajratiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yil boshidan buyon 20 ming nafar fuqaro ipoteka kreditlariga subsidiya olish uchun ijobiy xabarnoma olgani haqida xabar bergan edi.