Yangiliklar

Yangidan qurilgan avtomagistral foydalanishga topshirildi – video

Avtomagistral qurilishiga $323 mln sarflandi
Foto: President.uz

25-oktabr kuni prezident ishtirokida Qo‘ng‘irot – Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 km qismi foydalanishga topshirildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, avtomagistral 2021 – 2024-yillarda $323 mln evaziga yangidan qurildi.

«Endi mamlakatimiz hududlaridan xalqaro tashuvlar masofasi 1 ming kilometrgacha, transport xarajatlari esa 25 foizgacha kamayadi. Bu yo‘l yurtimizni Kaspiy va Qora dengiz portlari orqali Yevropa bozorlari bilan ishonchli bog‘laydigan logistika tarmog‘iga aylanadi. Yana bir muhim jihati – «A-380» xalqaro yo‘lagining O‘zbekistondan o‘tgan qismida kunlik transport qatnovi 3 karra oshadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: President.uz

Yo‘l jahon standartlariga har tomonlama mos, tekis va ravon. U avvalo xalqimiz, qolaversa, xorijiy turistlar va yuk tashuvchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish imkonini beradi.

Sal avvalroq «G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» xalqaro avtomobil yo‘lining boshqa qismlari ta’mirlangan edi. Shu yil 29-fevral kuni Amudaryo ustida Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan yangi ko‘prik ochilgan edi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi yo‘l atrofida 200 dan ziyod savdo-servis obyektlari va sanoat korxonalari paydo bo‘ladi. Shuning hisobidan dastlab 2 mingta, kelgusida esa yana 5 mingta ish o‘rni tashkil qilinadi. Bu orqali Qoraqalpog‘istonda tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga $200 mln.ga, mamlakatimiz eksporti esa kamida $300 mln.ga oshishga xizmati qiladi.

Ushbu magistral yo‘l o‘tadigan To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy, Nukus, Xo‘jayli, Shumanay, Qonliko‘l, Qorao‘zak va Qo‘ng‘irot tumanlaridagi 1 milliondan ziyod aholi hayoti o‘zgaradi.

Davlat rahbari mazkur loyihada ishtirok etgan quruvchi va ishchilarga, Osiyo taraqqiyot bankiga, Turkiya, Ozarbayjon va xitoylik pudratchilarga, Janubiy Koreya va italiyalik konsultantlarga minnatdorlik izhor etdi.

Mazkur 240 km yo‘lning ikki tomoni – Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani hamda «Dovud ota» bojxona postida hozir bo‘lganlar teleko‘prik orqali aloqaga chiqdi.

Shuningdek, bu tizim natijasida mablag‘ tejaladi. 20 ga yaqin qog‘oz shakldagi hisobotlar raqamlashtiriladi. Monitoring ma’lumotlari 30 yilgacha saqlanadi.

Ilk loyiha Toshkent xalqaro aeroportiga eltuvchi, Bobur ko‘chasidagi yangi yo‘l o‘tkazgichda amalga oshirildi. Marosimda ushbu transport bog‘lamasi ham to‘liq ochildi. Uning umumiy uzunligi 702 m, eni 46 m. Shuningdek, 2 ta aylana va 4 ta yoysimon «qanot»lar qurilib, Kichik halqa yo‘li hamda Sodiq Tolipov ko‘chalari bilan bog‘landi.

Marosimda prezident mazkur tizimni avval poytaxtimizdagi 114 ta ko‘prikda, so‘ngra barcha ko‘priklarda tatbiq etish zarurligini aytdi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2024/10/yolmost_full_new_4-tg.mp4

Ma’lumot uchun, 2025-yilda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yana ming km yo‘l qurish bo‘yicha 10 ta yirik loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda temir yo‘l orqali eng ko‘p turli rudalar hamda neft tashilgani haqida yozgan edik.