Yangiliklar

Ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr uchun bir martalik kompensatsiya puli beriladi

Pul 27-noyabrdan so‘ng o‘tkaziladi
Foto: Skorzewiak / www.depositphotos.com

O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalar gaz va elektr energiyasi uchun 270 ming so‘m miqdoridagi bir martalik kompensatsiya oladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar qildi.

Joriy yilda 1,4 mln oila, shuningdek, «Yagona ijtimoiy himoya reyestri» orqali moddiy yordam oluvchilar ham avto ravishda kompensatsiya oladi.

Ushbu mablag‘lar isitish mavsumida gaz va elektr energiyasiga xarajatlarni qisman qoplashga ko‘maklashadi. Ushbu kompensatsiya uchun davlat 370 mlrd so‘m yo‘naltiradi.

Qayd etilishicha, shu oy (oktabr) oxirigacha «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, «Mahalla» uyushmasi va hokimliklar ehtiyojmandlar ro‘yxatini shakllantiradi.

Ma’lumot uchun, agar oila «Yagona ijtimoiy himoya reyestri» orqali bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oladigan bo‘lsa, kompensatsiya avtomatik ravishda o‘sha kartaga tushadi.

Bir martalik kompensatsiya qo‘shimcha ro‘yxatdagi kam ta’minlanganlar — boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz onalar, nogironlar va boshqa ehtiyojmandlarga ham beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktirilishi haqida xabar bergan edi.