Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan rasmiy bayonot berildi
Joriy yilning 26-oktabr kuni Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga qurolli hujum uyushtirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Taxminan soat 01:40 larda fuqaro boshqaruvida bo‘lgan «Range Rover» rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan. Shu vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar qurolidan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashirinishgan.
Yuzaga kelgan vaziyatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
«Hozirda tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», – deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Politsiya AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampning Kaliforniyadagi chiqishida nazorat-o‘tkazish punktida qurollangan kishini hibsga olgani haqida xabar bergan edi.