Ma’lumki, ijtimoiy tarmoqlarda «Yandex Eats» MCHJ XK «Express24 APP» MCHJ aktivlarini sotib olish bitimi to‘g‘risida axborotlar tarqalib, holat bo‘yicha rasmiy bayonot so‘ralgan edi. Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.
Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan qoidalarga asosan, mazkur bitim monopoliyaga qarshi organ bilan oldindan kelishish (rozilik olish) talablariga nomuvofiq.
Sababi, korxonalarning aksiyalari (ulushlari) sotib olinmagan va qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish holatlari sodir etilmagan.
«Raqobat qo‘mitasi tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga aktivlarni sotib olishda monopoliyaga qarshi organining oldindan roziligini olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borayotganligi ma’lum qilinadi», – deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan iqtisodchi Otabek Bakirov tomonidan antimonopoliya organlari Express24 va Yandex oʻrtasidagi bitimni tekshirishni so‘rab murojaat qilgani haqida xabar bergan edi.