2024-yilgi parlament saylovlarida barcha siyosiy partiyalar rahbarlari ovoz berishda faol ishtirok etdi. Kursiv Uzbekistan barcha partiya raislarining ishtirokini jamladi.
Xalq demokratik partiyasi (XDP) Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov Shayxontohur tumanidagi 427-saylov uchastkasida ovoz berdi. Mazkur uchastkada 2068 nafar saylovchi ro‘yxatdan o‘tgan.
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi raisi Robaxon Maxmudova Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 21-saylov uchastkasida o‘z fuqarolik majburiyatini bajardi.
«Hozirda mazkur saylov uchastkasida jarayon qizgʻin davom etmoqda, yurtdoshlarimiz oʻz saylash huquqidan foydalanib, tanlovlarini faol amalga oshirayotganligi quvonarli», – deya saylov haqida o‘z fikrini bildirdi Robaxon Maxmudova.
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Alisher Qodirov ham ovoz berish uchun saylov uchastakasiga keldi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi lideri Abdushukur Xamzayev Olmazor tumanining saylov uchastkasida ovoz berdi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Yunusobod tumanidagi 520-saylov uchastkasida kelib, ovoz berdi.
«Inson qadri ulugʻlanayotgan xalqchil islohotlarning davomli boʻlishi uchun ovoz berdim», – deydi partiya raisi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan saylovchilarning deyarli 50 foizi ovoz berib bo‘lgani haqida yozgan edi.