Kursiv Uzbekistan nashri 2024-yil 27-oktabr kuni Toshkent shahridagi uchta saylov uchastkasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tayotgan saylov jarayonlari bilan tanishdi.
Ilk manzil poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 34-saylov uchatkasi bo‘ldi. Uchastka «O‘zcharmsanoat» charm va poyabzal korxonalari uyushmasi binosida joylashgan bo‘lib, 2843 nafar fuqaro uchun xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Soat 12:00 holatiga ko‘ra ularning yarmidan ko‘pi ko‘rsatilgan nomzodlardan biriga o‘z ovozini berish uchun ro‘yxatdan o‘tib ulgurdi.
«Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan siyosiy jarayonlarda ishtirok etish, o‘z fuqarolik pozitsiyamni ko‘rsatish va kelajakka befarq bo‘lmaslikdir, deb bilaman. Shuning uchun nomzodlar bilan yaxshilab tanishib, o‘z tanlovimni amalga oshirdim», – deydi ovoz beruvchilardan biri Sohiba Murodullayeva.
Navbatdagi tashrif tumandagi 2-son Bolalar musiqa va san’at maktabida joylashgan 36-saylov uchastkasiga amalga oshirildi. Uchastka umumiy 2488 nafar fuqarolarni qamrab olishi rejalashtirilgan. Soat 10:00 ga qadar 200 nafardan ziyod fuqarolar ovoz bergan.
Saylov uchastkasi vakili Nafisa Inogamovaning so‘zlariga ko‘ra, uchastkadagi saylov jarayonini kuzatish va baho berish uchun xalqaro kuzatuvchilar ham tashrif buyurgan.
37-saylov uchastkasi esa 225-maktabda joylashgan bo‘lib, binoning kirish qismida vatanparvar ruh bag‘ishlovchi musiqalar bilan saylovchilar kutib olinmoqda.
Soat 12:00 ga qadar umumiy kutilayotgan 2289 nafar fuqaroning 864 nafari, ya’ni 33 foizi allaqachon ovoz berib ulgurdi.
Saylov uchastkasi vakili Go‘zal Shoislomovaning ta’kidlashicha, ilk marta saylovda ishtirok etgan yosh saylovchiga sovg‘alar taqdim etilgan. Kattayu kichik barcha fuqarolar saylovda ishtirok etayotgan jarayoni aks etgan suratlarni yaqinlari bilan bo‘lishgan holda ularni ham faollikka chorlamoqdalar.
Ma’lumot uchun, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlar soat 20:00 ga qadar davom etadi.