10 ta saylov uchastkasida elektron ovoz berish qurilmalaridan foydalanildi — MSK raisi
Birinchi marta sinov tariqasida Toshkentdagi 10 ta saylov uchastkasida elektron ovoz berish qurilmalaridan foydalanildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, elektron ovoz berishning ijobiy va salbiy tomonlari oʻrganilmoqda. Bunday elektron ovoz berish moslamalari saylov uchastkalari va saylov komissiyasining ishini osonlashtiradi.
Nizamxodjayevning qoʻshimcha qilishicha, bu eng asosiysi bir saylovchiga bir ovoz berish huquqini kafolatlaydi. Bunday qurilmalarni qonunchiligimizga kiritib, keyin amaliyotga kiritish kerak. Mana shu jarayonlarni oʻrganish davom etadi.
Shuningdek, u kelajakdagi saylovlarda elektron ovoz berish qurilmalaridan foydalanish haqida gapirdi.
«Texnologiya rivojlanib boryapti, mana shunday moslamalar taklif etilsa, dunyo saylov organlaridan qandaydir umumeʼtirof etilgan moslamalar yuzaga kelsa, albatta biz ham uning keyingi saylov jarayonlarda qoʻllash rejamiz yoʻq emas», — deya qoʻshimcha qildi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan saylov natijalari eʼlon qilingani haqida xabar bergan edi.