Elektron tijorat (e-commerce) bozorining yetakchilaridan biri Amazon arzon tovarlar onlayn do‘kon ochishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Yahoo Finance portali.
Savdo nuqtasi assortimenti Xitoydan kelgan tovarlar hisobiga shakllantiriladi. Mahsulotlarning narxiga cheklov qo‘yiladi. Jumladan, taqinchoqlar narxi $8 dan, choyshablar narxi esa $9 dan oshmasligi kerak. Xaridorga yetkazib berish muddati to‘qqiz kundan 11 kungacha bo‘ladi.
Amazon yaqinda xalqaro bozorda o‘z o‘rnini egallay boshlagan arzon tovarlarni sotuvchi Xitoy onlayn xizmati Temu ishga tushirilgani sababli yangi do‘kon ochish haqida qaror qabul qilgan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Amazon Hindistonda «Amazon Bazaar» savdo platformasini ishga tushirgandi. Unda arzon narxlardagi mahsulotlar ham namoyish etilmoqda.
Amazon – Amerika kompaniyasi bo‘lib, daromad va bozor kapitallashuvi bo‘yicha elektron tijorat sohasida dunyoda eng yirik hisoblanadi. 1994-yilda Jeff Bezos tomonidan kitob sotuvchi internet-do‘kon sifatida tashkil etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon reklama yaratish uchun sun’iy intellekt platformasini taqdim etgani haqida yozgan edi.