Oltin fondlariga investitsiyalar rekord darajada — $3,2 milliardga yetdi
Joriy yilning 21-oktabridan 27-oktabrigacha oltin fondlariga investitsiyalar $3,2 milliardga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich 2020-yil iyulidan beri rekord ko‘rsatkichdir. Bu haqda «Kommersant» nashri xabar berdi.
So‘nggi besh oy ichida investorlar qimmatbaho metallga $18,3 milliard sarmoya kiritgan.
Oltin bo‘lgan qiziqishga turli omillar, jumladan, bozor noaniqligi va Donald Trampning AQSh prezidenti lavozimiga qaytishi ehtimoli ta’sir qilmoqda. Tramp Oq uyga qaytgan taqdirda, u import tariflarini oshirishi kutilmoqda.
Toshkent vaqti bilan soat 17:05 da dekabr oyidagi fyucherslar untsiya uchun $2,7 ming darajasida baholanmoqda. Shuningdek, Yaqin Sharqdagi tanglik va AQShdagi saylovoldi poygasi fonida oltin narxi o‘sishda davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston oltin uchun fyucherslarni joriy etish ustida ish olib borilayotgani haqida xabar bergan edi.