Yangiliklar

Oʻzbekiston fond bozori: qimmatli qogʻozlarning deyarli barchasi haftani salbiy yakunladi

18-oktabrdan 25-oktabrgacha qadar UCI fond indeksi deyarli 2 foizga o‘zgardi
Foto: peshkov / depositphotos.com

«Toshkent» respublika fond birjasidan (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning deyarli barchasi ortda qolgan haftani salbiy koʻrsatkichda yakunladi. Kursiv Uzbekistan hafta davomida RFBdagi qimmatli qogʻozlarning oʻzgarish dinamikasini oʻrganib chiqdi.

18-oktabrdan 25-oktabrgacha qadar UCI fond indeksi deyarli 2 foizga oʻzgardi. Faqatgina «Hamkorbank» (+12,10 foiz) va «Oʻzmetkombinat» (+5,2 foiz) haftani ijobiy yakunladi.

Qolgan barcha kompaniyalarning aksiyalari tushdi. Eng katta pasayish «Turon bank» (-19,25 foiz), «Yangiyoʻl yogʻ-moy» (-15,17 foiz), «Ipoteka bank» (-14,58) aksiyalarida kuzatildi.

21 ta yuqori likvidli aksiyalardan 2 tasi haftani yashil rangda yakunladi. Mazkur davrda «Toshkent» respublika fond birjasida 1,2 trln soʻmlik 4,6 mingta bitim amalga oshirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Oʻzbekistonda mahalliy fond birjasida xorijiy kompaniyalar aksiyalari bilan savdo qilishga, shuningdek, oʻzbekistonlik korxonalarga xorijiy valyutada obligatsiya chiqarishga ruxsat berish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.