Oʻzbekistonlik yuguruvchi Shohrux Davlatov yarim marafonda mamlakat rekordini yangiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi xabar berdi. Mazkur natija Ispaniyaning Valensiya shahrida boʻlib oʻtgan «Medio Maraton Valencia Trinidad Alfonso Zurich» xalqaro musobaqasida qayd etildi.
Davlatov 21 km masofani 1:01.48 soatda bosib o‘tdi. Bu oldingi natijadan bir daqiqa 45 soniyaga yaxshiroq.
Finishga o‘zbekistonlik sportchi 24-bo‘lib yetib keldi.
Marafonda 120 mamlakatdan 25 ming yuguruvchi ishtirok etdi.