«Davr Bank» tomonidan bank ilovasi orqali 50 mln soʻmgacha mikrokredit rasmiylashtirish boʻyicha berilgan axborot yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllanildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur reklama boʻyicha bankning rasmiy veb-sayti oʻrganilganda, mikroqarz istalgan maqsadlarda foydalanish uchun ajratilishi koʻrsatilgan. Shuningdek, mikrokredit oluvchi kamida oxirgi 6 oy davomida doimiy ish joyiga hamda oylik daromadga ega boʻlgan boʻlishi lozimligi koʻrsatilgan. Mikroqarz muddati – 60 oygacha, foiz stavkasi – 43 foiz, qarz miqdori – 50 mln soʻm etib belgilanganligi aniqlangan.
Mikroqarz boʻyicha qoʻshimcha shartlar va muhim ma’lumotlar tashqi reklamada koʻrsatilmagan.
Bundan tashqari, Toshkent shahrining bir qator koʻchalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida «Tadbirkorlar uchun 5 milliard soʻmgacha kredit, 24 foizdan» mazmunidagi reklamalar joylashtirilib, kredit rasmiylashtirish boʻyicha qoʻshimcha shartlar va muhim ma’lumotlar tashqi reklamada koʻrsatilmagan.
Shundan kelib chiqib, maxsus komissiya tomonidan qonun buzilish alomatlari yuzasidan «Davr Bank»ga nisbatan tegishli tartibda ish qoʻzgʻatilib moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qoʻmitasi tomonidan And Zamin Tea choy ishlab chiqaruvchi korxonaga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanilgani haqida xabar bergan edi.