Kelgusi yilda O‘zbekiston $5,5 millard tashqi qarz olishi mumkin
2025-yilda $5,5 mlrd tashqi qarz jalb qilinishi, shundan $3 mlrd Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirishga, qolgan qismi esa investitsiya loyihalariga yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
IMVning prognozlariga ko‘ra, davlat qarzi YaIMga nisbatan 2024-yilda 35,5 foizga, 2025 – 2027 yillarda esa 36,7-37 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. 2025-yildan boshlab esa yillik yangi tashqi qarz bitimlari $5,5 mlrd.ni tashkil etadi.
Qonun loyihasida konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi bo‘yicha tashqi qarzlarni jalb qilishni cheklash va ularni samarali investitsiya loyihalariga yo‘naltirish orqali davlat qarzining o‘sishini sekinlashtirish choralari ko‘rilishi ta’kidlangan.
Hozirgi kunda davlat qarzi 2024-yil 1-iyul holatiga $37 mlrd.ni yoki YaIMga nisbatan 33,2 foizni tashkil etmoqda. Bu qarzning $30,9 mlrd tashqi, $6,1 mlrd ichki qarzdorlik hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki Toshkentdagi havo sifatini yaxshilash uchun chiqindilarni kamaytirishga sarmoya kiritishni tavsiya qilgani haqida yozgan edik.