Joriy yilning 1-noyabridan boshlab kichik biznes uchun 100 million so‘mgacha bo‘lgan garovsiz mikrokreditlarni imtiyozli stavkalar bo‘yicha qayta moliyalashtirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda prezident qarorida belgilandi.
Belgilanishicha, qayta moliyalashtirish stavkasi biznes ro‘yxatdan o‘tgan hududga bog‘liq bo‘ladi. Eng rivojlangan (birinchi) hududda joylashgan tadbirkorlar va firmalar uchun bu stavka yillik 18 foizni tashkil etadi.
Ikkinchi toifaga kiruvchi hududlar uchun – 17 foiz, uchinchi toifada – 14,5 foiz, to‘rtinchi toifada – 13,5 foiz. Eng quyi stavka esa beshinchi toifadagi hududlarda joylashgan biznes uchun belgilangan bo‘lib, yillik 12,5 foizni tashkil etadi.
Yetti yilgacha muddatga mo‘ljallangan kreditlar tadbirkor murojaat qilgan vaqtdan boshlab o‘n kun ichida qayta moliyalashtiriladi.
Agar amaldagi kredit stavkasi yillik 24 foizdan yuqori bo‘lsa, imtiyozli qayta moliyalashtirish va portfel kafilligi mavjud bo‘lmaydi. Shuningdek, savdo firmalari va umumiy ovqatlanish korxonalari uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida olingan kreditlarga imtiyozlar 1-3 toifadagi hududlar uchun tatbiq etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon banki O‘zbekistonga $800 mln imtiyozli kredit ajratishi haqida xabar bergan edi.