Toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlash muddati 1-dekabrga qadar uzaytirildi
Davlat komissiyasi 2024/2025-o‘quv yilida bakalavriat va magistratura talabalari uchun to‘lov va qabulni rasmiylashtirish muddatini joriy yilning 1-dekabrga qadar uzaytirdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bazaviy yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar (1-kurs), PF–213-son farmoni asosida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-kurs), o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) talabalar safiga qabul qilish rasmiylashtirilgan.
Bunda bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan abituriyentlar bir yillik o‘qish qiymatining kamida 25 foizini to‘lashi kerak. Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt ( super-kontrakt) asosida o‘qishni xohlovchilar uchun qiymatning kamida 50 foizini to‘lash talab etiladi.
Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun to‘lov muddati OTM rahbariyati tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan magistratura uchun qo‘shimcha qabul tashkil etilgani haqida yozgan edi.