Yangiliklar

UzAuto Motors aksiyadorlarga dividendlar to‘laydi

Dividend daromadliligi 1% ni tashkil qiladi
Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors aksiyadorlarga dividendlar to‘laydi. Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlariga koʻra, qaror 2024-yil 25-oktabrda boʻlib oʻtgan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida (AUY) ma’qullangan.

Dividend har bir oddiy aksiya uchun 620 so‘m miqdorida to‘lanadi. Avtomobil ishlab chiqaruvchining qimmatli qog‘ozlari birjada 62 ming so‘mdan sotilmoqda (2024-yil 29-oktabr holatiga). Shunday qilib, dividend daromadliligi 1% ni tashkil qiladi. Mablag‘lar investorlar hisobiga 25-oktabrdan 25-dekabrgacha o‘tkaziladi. Buning uchun elektron pochta orqali ariza yuborish talab etiladi. Brokerlar dividendlar olish uchun ariza yozish bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etishdi.

Umumiy hisobda UzAuto Motors’ning birinchi yarim yilda taqsimlanmagan foydasi 8,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Umumiy yig‘ilishda dividendlar to‘lash uchun atigi 167,9 milliard so‘m ajratishga qaror qilindi. Mablag‘larning qolgan qismi, ya’ni 8,37 trillioni kompaniya balansida qoladi. Dividendlarning faqat kichik bir qismi chakana investorlar oladi, chunki aksiyalarning faqat kichik bir qismi birjada sotiladi. Kompaniyaning 2023-yilda bo‘lib o‘tgan IPO’si davomida qimmatli qog‘ozlarning atigi 0,29 foizi sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors GM bilan shartnoma asosida Chevrolet avtomobillarini ishlab chiqaradi. Litsenziya shartnomasi royalti asosida tuzilgan bo‘lib, kompaniya har bir sotilgan avtomobil uchun GM’ga belgilangan miqdorda to‘lov qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri respublikada eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil modeli Chevrolet Cobalt ekanligi haqida xabar bergan edi. 2024-yilning to‘qqiz oyida 117,7 mingta avtomobil konveyerdan chiqdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli 54 foizga ko‘pdir.