Aqlli so’mlar

Yil yakunigacha dollar kursi qay darajada o‘zgaradi: ekspertlar fikri

2024-yil oxirigacha dollar kursining oshishi yoki oshmasligi borasida mutaxassislar turlicha fikr bildirdi
Foto: vitoriaholdingsllc@gmail.com / depositphotos

Joriy yilda O‘zbekistonda milliy valyuta 3,5 foizga qadrsizlandi. Misol uchun, birgina 2024-yil sentabr oyida Markaziy bank tomonidan belgilangan dollar kursi so‘mga nisbatan 0,71 foizga yoki 90 so‘mdan sal ko‘proqqa oshib, 12 715,42 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, oktabr oyi yakunlari bo‘yicha 30-oktabr uchun belgilangan kurs 12 784 so‘mdan oshdi. Kursiv Uzbekistan ekspertlar bilan yil oxirigacha valyuta kursi qanday o‘zgarishi mumkinligi haqida suhbatlashdi.

Oktabr oyida valyuta birjasida dollar kursining o‘zgarishi

Manba: O‘zRVB

O‘zbekistonda dollar kursiga ta’sir ko’rsatayotgan asosiy omillar

Eksport va import hajmlari o‘rtasidagi tafovut, xalqaro pul o‘tkazmalari hamda Markaziy bankning pul-kredit siyosati O‘zbekistonda dollar kursiga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar sifatida qaralmoqda. Bu borada Avesta Investment Group katta moliyaviy tahlilchisi Shodlik Nazarov quyidagicha fikr bildirdi:

«So‘mning xorijiy valyutalarga nisbatan almashuv kursiga sezilarli ta’sir ko’rsatuvchi asosiy omillar qatoriga eksport va import hajmlari, xalqaro pul o‘tkazmalari hamda O‘zbekiston Markaziy bankining pul-kredit siyosati kabi asosiy ko‘rsatkichlar kiradi. 2024-yilning yanvaridan avgustigacha mamlakatning tashqi savdo hajmi 6,6 foizga oshdi, bu o’tgan yilning shu davriga nisbatan 23,6 foizga ancha pastdir. Savdo balansi defitsiti taxminan $8 milliardni tashkil etdi, ammo bu defitsit xalqaro pul o’tkazmalari hisobiga deyarli to’liq qoplandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko’ra, 2024-yilning dastlabki olti oyi davomida o’tkazmalar hajmi $6,5 milliardni tashkil etib, 25 foizga oshgan», — dedi Shodlik Nazarov.

Markaziy bankning foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab turishi va inflyatsiyani nazorat qilish bo’yicha choralari milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.

«Oldingi prognozlarda qayd etilganidek, milliy valyutaning kursiga ta’sir etuvchi asosiy omillar o’zgarmagan. Bizning iyulda taqdim etilgan prognozimiz hozir ham ahamiyatli boʻlib qolmoqda: biz soʻmning sekinlik bilan qadrsizlanishi davom etishini kutmoqdamiz. Shuningdek, Markaziy bankda valyuta kursini nazorat qilish va bozor shoklarini oldini olish uchun yetarli zaxiralar va vositalar mavjud», — deya qo‘shimcha qildi Nazarov.

Dollar kursiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar yuzasidan, Freedom Broker investitsiya kompaniyasining tahlilchisi Boris Bondar quyidagicha fikr bildirdi:

«Ichki valyuta bozorida Markaziy bankning ishtiroki ta’sir ko‘rsatishda asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Ichki bozorda xorijiy valyuta hajmining o‘sishini tashqi savdo balansining yaxshilangani bilan bog‘lash mumkin. Eksport hajmi yil davomida 11,5% ga oshgan bo‘lib, uning qariyb uchdan bir qismi hali ham oltin hisobiga to‘g‘ri keladi. Yil boshidan beri oltin narxlarining o‘sishi O‘zbekistonga valyuta tushumini oshirishga yordam bermoqda. Shu bilan birga, import hajmi o‘sishining sekinlashuvi ham so‘m barqarorligini qo‘llab-quvvatlashi mumkin», — dedi tahlilchi.

Dollar kursining oshishi nimaga ta’sir ko‘rsatadi

Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti iqtisodiyot fanlari buyicha falsafa doktori, dotsent Jahongir Kucharovning ta’kidlashicha, dollar yil yakunigacha ko‘tarilsa oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish narxlari oshib, so‘mning qadrsizlanishi ortadi.

«Dollar kursini asosiy ko‘tarilish sababi birinchi navbatda respublikaning eksport salohiyatini tushib ketishiga bevosita bog‘liq. Agarda biz ko‘proq mahsulotlarni va xizmatlarni eksport qilsak, bizga valyuta kirib kelishi ko‘payadi, bu esa dollar ko‘rsini mutadil ushlab turishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi», — deydi Kucharov.

Milliy valyutani qo‘llab-quvvatlaydigan omillar orasida yevroobligatsiyalar chiqarilishi, oltin narxining oshishi va Markaziy bankning valyuta intervensiyalari kabilar mavjud.

Dollar kursi qanday o‘zgaradi

2024-yil oxirigacha dollar kursining oshishi yoki oshmasligi borasida Boris Bondar quyidagicha fikr bildirdi:

«Markaziy bank o‘zining pul bozoriga oid hisobotida uchinchi chorakda valyuta intervensiyalari hajmining ikkinchi chorakka nisbatan uch baravar kamayganini ta’kidladi, bu esa valyuta bozoridagi taklif darajasining yetarli ekanligi bilan izohlanmoqda», — dedi Boris Bondar.

Dollar kursining ko‘tarilishi yoki pasayishi bo‘yicha aniq taxminlar mavjud emas. Shu sababdan mutaxassislar tomonidan aniq prognozlar taqdim etilmadi. Dollar kursida o‘zgarishlar yuzaga kelishiga global ziddiyatlar hamda xalqaro savdo shartlari bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bu borada Boris Bondar quyidagicha fikr bildirdi:

«Ushbu omillarni hisobga olgan holda, dollar kursi yil oxirigacha barqaror bo‘lib qolishini taxmin qilish mumkin. Savdo hamkorlari mamlakatlari iqtisodiyotida yoki global bozorlarda keskin o‘zgarishlar yuz bersa, devalvatsiya sur’ati tezlashishi mumkin. Ammo Markaziy bank valyuta intervensiyalarini qayta tiklash imkoniyatiga ega ekanini hisobga olsak, yil oxirigacha so‘m kursida keskin o‘zgarishlar kutilmaydi. Garchi keltirilgan omillar kurs dinamikasida muhim rol o‘ynasa-da, ular to‘liq emas, va valyuta bozoriga mamlakat ichidagi yoki global miqyosdagi kutilmagan holatlar ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — dedi Bondar.