Bitcoin qiymati 30-oktabr Toshkent vaqti bilan soat 10:15 holatiga ko‘ra, 2 foizda oshib, $72,3 mingdan oshdi. Bu haqda CoinMarketCap onlayn platformasida ma’lum qilindi.
O‘tgan 24 soat ichida bir bitkoin narxi tarixiy rekord natijaga yaqinlashib, eng yuqori nuqtada $73,5 mingga yetdi. Ammo keyinchalik kriptovalyuta narxi pasayishni boshladi.
Bitcoinning tarixiy maksimal qiymati 2024-yil 14-martda qayd etilgan bo‘lib, uning qiymati $73,7 mingga yetgan edi.
Qayd etilishicha, oy boshidan beri kriptovalyuta narxi 12 foizga oshdi. Tahlilchilar bu tendensiyani AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi natijalari bo‘yicha prognozlar bilan bog‘lashmoqda. Bukmeykerlar bu saylovlarda sobiq davlat rahbari Donald Tramp g‘olib chiqishi mumkin deb hisoblashmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistondagi Uznex kriptobirja taqdim etgan ma’lumotlarda Bitcoin narxi 30-oktabr Toshkent vaqti bilan soat 09:27 holatiga ko‘ra, $73 mingdan oshdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 18-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:16 da bitkoin narxi $59,4 mingga pasaygani haqida xabar bergan edi.