«Hududiy elektr tarmoqlari»: chiqindidan qarzdorlik uchun elektr energiyasi uzilmaydi
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan chiqindini olib chiqib ketish uchun qarzi bor abonentlar elektr energiyasidan uzilishi haqida xabarlarni rad etdi.
Qayd etilishicha, oktabrdan boshlab «Hududiy elektr tarmoqlari» iste’molchilarga chiqindilarni olib chiqish uchun qarzdorlik mavjud bo‘lsa, SMS-xabar yuborishni boshlagan edi.
Shuningdek, jamiyat hozirgi vaqtda chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha qarzini to‘lamagan iste’molchilardan to‘lovlarni qabul qilishni vaqtincha cheklash tizimini ishga tushirish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.
«Shu о‘rinda chiqindidan qarzdor iste’molchilar elektr energiyasidan uzilishi haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz ekanini ma’lum qilamiz», – deyiladi xabarda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr uchun bir martalik kompensatsiya puli berilishi haqida xabar bergan edi.