Yangiliklar

Istanbuldan Toshkentga uchgan samolyot favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi

Yo‘lovchi o‘zini yomon his qilgani sabab qo‘ngan
Foto: Uzcaa.uz

Istanbul — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozga chiqqan havo kemasi Anqarada favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda Uzbekistan Airways axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, HY282 reysi jadvalga muvofiq Istanbuldan Toshkentga parvozga chiqqan va parvoz vaqtida yo‘lovchi o‘zini yomon his qilgani sababli samolyot Anqara xalqaro aeroportiga qo‘ngan.

«Havo kemasi Anqaraga Toshkent vaqti bilan 10:12 da qo‘ndi. Shundan so‘ng, tibbiy xizmatlar yo‘lovchini reysdan tushirib, tibbiyot muassasasiga yetkazdi. Aviakompaniya samolyoti Anqaradan Toshkent vaqti bilan 13:20 da uchib ketdi. Toshkent xalqaro aeroportiga 16:10 da yetib kelishi kutilmoqda», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAirways Xanchjouga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar bergan edi.