Jizzaxdagi klasterlarda raqobat qonunchiligiga zid harakatlar aniqlandi
Jizzax viloyatining «Jizzax industrial to‘qima» MCHJ tomonidan paxta tolasi va texnik chigit mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 321,7 tonna paxta tolasini birja narxlaridan yuqori, 1 ming tonnasini esa past narxlarda sotish holatlari kuzatilgan. Shuningdek, 2,5 ming tonna texnik chigit mahsuloti ham birja narxlariga nisbatan past narxlarda sotilgan.
Maxsus komissiya tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qaroridagi nizom talablari buzilishiga oid ish qo‘zg‘atildi va «Jizzax industrial to‘qima» MCHJga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, paxta shroti birja savdolarida «Paxtakor sifat yog‘» MCHJ, «Jizzax kenteks» MCHJ va «Baxmal quyosh nuri» MCHJlar tomonidan narxlarni kelishgan holda oshirish alomatlari aniqlanib, ular uchun ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda ham klaster korxonasi manipulyatsiya sabab javobgarlikka tortilgan edi.