O‘zbekiston darsliklar ijarasi uchun to‘lovlarni tiklashni rejalashtirmoqda
Oʻzbekistonda darsliklar ijarasi uchun toʻlovlar qaytarilishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 2025–2027-yillarga moʻljallangan Budjetnomada maʼlum qilindi.
Unda keltirilishicha, keyingi oʻquv yilidan boshlab, 2–11-sinf oʻquv materiallari uchun ijara haqini qaytarish rejalashtirilgan. Ijara narxi 80 ming soʻm boʻlishi kutilmoqda.
Ushbu to‘lovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd so‘m mablag‘lar har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan taʼminlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
«Darsliklar va mashq daftarlarining toʻliq davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar masʼuliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan eʼtiborsiz munosabatda boʻlish holatlarini keltirib chiqarmoqda», — deyiladi loyihasida.
Eslatib oʻtamiz, respublikada 2022-yilda darsliklar uchun ijara toʻlovi bekor qilingan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yilning sentabr oyida Xorazm viloyatidagi maktab uchun oʻquv bloki qurilgani haqida yozgan edi.