Yangiliklar

IFC O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya uchun $240 mln ajratadi

Respublikada yiliga 1,3 million tonna CO₂ chiqindilari kamaytiriladi
Foto: Ai825 / depositphotos

O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya loyihalarini rivojlantirish uchun Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) ACWA Power kompaniyasiga $240 million miqdorida oraliq qarz ajratadi. Bu haqda Saudiya Arabistonidagi Future Investment Institute’ning sakkizinchi konferensiyasi doirasida e’lon qilindi.

Mazkur investitsiya O‘zbekistonda 1 GVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi, 668 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimi va 500 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish va ishga tushirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, loyiha doirasida O‘zbekistonda yiliga 1,3 million tonna CO₂ chiqindilari kamaytiriladi va yiliga 2400 GVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Loyiha haqida

IFC hamkorligi doirasida ushbu loyiha O‘zbekiston uchun energiya ta’minotining barqarorligini oshirish va mamlakatni 2030-yilga kelib energiyaning 40 foizini qayta tiklanadigan manbalardan olish maqsadiga yaqinlashtirishni ko‘zlaydi. Mazkur moliyalashtirish ACWA Power’ga kelgusi to‘rt yil davomida o‘z loyihalarini kapital mablag‘lar bilan ta’minlash imkonini beradi.

IFC O‘zbekistonda ekologik barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda va ACWA Power bilan hamkorlikda mintaqa va boshqa davlatlarda ham ekologik loyihalarga investitsiyalarni jalb qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Ozarbayjon, Qozogʻiston va Oʻzbekiston «yashil» energiya boʻyicha bitim imzolashi haqida xabar bergan edi.