Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi loyihasini ishlab chiqish uchun tanlov e’lon qilindi
«Toshkent Invest» kompaniyasi 2024-yil 31-oktabrdan boshlab Toshkentga to‘rtta kirish darvozasining eskiz konsepsiyasini yaratish bo‘yicha xalqaro tanlovni boshlaydi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar beradi.
Yangi darvozalar eskizlari Toshkentning Roxat, Bektemir, Erkin va Uchqahramon postlari uchun ishlab chiqiladi. Arizalarni qabul qilish 2024-yil 7-noyabrga belgilangan. Finalchilar 11-noyabr kuni, g‘olib esa 30-noyabr kuni e’lon qilinadi.
Tanlov barcha uchun, ya’ni o‘zbek va xorijiy ishtirokchilar uchun ochiq. Ishtirokchilar o‘zbek mutaxassislarini jalb qilgan holda jamoalar tuzishlari mumkin.
Arizalarni info@tashkentinvest.com elektron pochta manziliga yuborish mumkin. Tanlov g‘oliblari pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Birinchi o‘rin uchun 100 mln so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 50 mln so‘m va uchinchi o‘rin uchun 30 mln so‘m. Tanlov YUNESKO tavsiyalari asosida o‘tkaziladi.
Loyiha zamonaviy va an’anaviy g‘oyalarni birlashtirishga qaratilgan bo‘lib, shaharni o‘zgartirishga yordam beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Orol dengizida uchraydigan muammolarga ilmiy yechim beruvchi loyihalar tanlovi e’lon qilingani haqida yozgan edi.