Xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi
Toshkent va Samarqand viloyatida bir necha shaxslar tomonidan fuqarolarni chet mamlakatga ishga yuborishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan moddiy boylik orttirgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Samarqand viloyatida bir necha shaxslar fuqaroni Amerikaga ishga yuborish uchun $18 ming miqdorda xarajat qilganligini ta’kidlab, fuqaroning uy-joyini firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirib olishga erishgani aniqlandi.
Viloyatda yuz bergan yana bir holatda esa G‘allaorol tumanida ilgari firibgarlik va boshqa jinoyatlar uchun sudlangan shaxs fuqaroni Koreyaga ishga yuborish evaziga $12,6 ming pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, Toshkent shahri Yashnobod tumanida ham shu kabi holat, bir necha shaxslar tomonidan fuqaroni Yaponiyaga ishga yuborish uchun viza olib berishini aytib, evaziga $2,5 ming olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlar qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiyaviy hamda firibgarlik holatlariga chek qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.