Yandex Uzbekistan kompaniyasi noyabr oyi davomida «Saxovatli noyabr» xayriya aksiyasini o‘tkazadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.
Foydalanuvchilar juma kunlari Yandex Go xizmatlari orqali buyurtmalar berib, aksiyada qatnashishlari mumkin. Kompaniya barcha taksi va yetkazib berish tariflarida har 10 km uchun xayriya tashkilotlariga 50 so‘m o‘tkazadi.
Shuningdek, Yandex Go «Yemak» xizmatida 60 ming so‘mdan ortiq buyurtmalar uchun 500 so‘m xayriya tashkilotlariga ajratiladi.
Yig‘ilgan mablag‘lar «Ona Uyi», «Teach for Uzbekistan», «Ona» va «Sharoit plyus» kabi tashkilotlarga taqsimlanadi. 2023-yilgi aksiyada Yandex Uzbekistan tomonidan 101 million so‘m xayriya tashkilotlariga o‘tkazilgan edi.
Ma’lumot uchun, Yandex Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan «Saxovatli noyabr» aksiyasi mamlakatda uchinchi marotaba o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Eats va Express24 bitimi yuzasidan Raqobat qo‘mitasi rasmiy bayonot bergani haqida xabar bergan edi.