Joriy yil 31-oktabr kuni Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan press-relizga ko‘ra, asosiy stavka 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldi. Bu haqda regulyatorning matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, asosiy stavka oʻzgarishsiz qolishi to‘g‘risida qaror qabul qilishda makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va inflyatsiya omillari bo‘yicha kutilmalar inobatga olingan.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 2024-yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,5 foizni tashkil etib, III chorak davomida o‘zgarishsiz qolgan.
«Joriy yilning so‘nggi choragida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda», — deyiladi press-relizda.
Ma’lumot uchun, Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 12-dekabrga belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank iyul oyida asosiy stavkani 14 foizdan 13,5 foizga pasaytirgani haqida xabar bergan edi.