Markaziy Bank moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uchun yangi makroprudensial choralarni kuchaytirish niyatida emas. Bu haqda bank raisi Mamarizo Nurmuratov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Mikroqarzlar bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlar va choralar kiritish niyatimiz hozircha yo‘q», – dedi Nurmuratov.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil avtokreditlar uchun belgilangan talablar va 1-iyuldan kuchga kirgan makroprudensial choralar mikroqarzlar jarayonini maqbullashtirishga yordam beradi.
Shu bilan birga, kelgusida statistik ko‘rsatkichlar yangilangach ushbu choralar qanday natija bergani baholanadi va zarurat tug‘ilsa, yangi choralar ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bankining 2024-yil birinchi yarim yilligiga oid moliyaviy barqarorlik sharhida aholi qarz majburiyatlari, xususan, ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz yuki deyarli o‘zgarmagani qayd etilgan.
Ammo mikroqarzlar ulushi tez o‘sib, 2024-yil 1-iyul holatiga 77 foizga ko‘paygani xavotirli tendensiya sifatida belgilangan.