Yangiliklar

Markaziy bank Oʻzbekiston iqtisodiyotining 2027-yilgacha boʻlgan ssenariylarini taqdim etdi

Turli omillar hisobga olinib, asosiy, muqobil va xatarli ssenariylar ishlab chiqildi
Foto: AntonMatyukha / depositphotos.com

Markaziy bank tomonidan 2025 – 2027-yillarda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Joriy makroiqtisodiy sharoitlar va inflyatsiyaga ta’sir etuvchi omillar hisobga olinib, asosiy, muqobil va xatarli ssenariylar ishlab chiqildi.

Unga koʻra, asosiy ssenariyda iqtisodiy oʻsishning davom etishi prognoz qilinmoqda. 2025-yilda real YaIM oʻsishi 5,5 – 6,0 foiz, 2026-yilda 5,5 – 6,5 foiz, 2027-yilda esa 6,0 – 6,5 foiz atrofida boʻlishi kutilyapti. Shuningdek, inflyatsiya 2025-yilda 6,0 – 7,0 foizga pasayishi kutilmoqda.

«Kelgusi yilda tartibga solinadigan narxlarning kutilayotgan navbatdagi oshirilishi hamda oziq-ovqat inflyatsiyasining 2024-yildagi past baza taʼsirlarini inobatga olib, inflyatsiyaning 5 foizlik target darajasigacha pasayishi 2026-yilning ikkinchi yarmida sodir boʻlishi boʻyicha asoslarni yuzaga keltirmoqda», – deyiladi Markaziy bank xabarida.

Muqobil ssenariyda esa tashqi xatarlarning kuchayishi va ichki sharoitlarning oʻzgarishi haqida ogohlantirilmoqda. 2025-yilda iqtisodiy oʻsish 5,0 – 5,5 foiz, 2026-yilda 5,0 – 6,0 foiz, 2027-yilda 5,5 – 6,5 foizga yetishi mumkin.

«Iqtisodiy faollikning maʼlum darajada pasayishi va nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi fonida umumiy inflyatsiya 2025-yilda 7-8 foizga, 2026-yilda 6 foizga yaqin boʻlishi va 2027-yilning birinchi yarmida 5 foizlik targetigacha pasayishi kutilmoqda«, – deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, xatarli ssenariyda iqlim oʻzgarishi va energiya resurslarining yetishmasligi inflyatsiyaga salbiy ta’sir koʻrsatishi kutilmoqda. Inflyatsiya esa 2025-yilda 8–9 foiz, 2026-yilda 7–8 foiz atrofida boʻlishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan asosiy stavka yillik 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirilgani haqida xabar bergan edi.