Rossiyada noqonuniy migratsiyani tashkil etish uchun jazo kuchaytiriladi
Rossiya parlamentining quyi palatasi – Davlat dumasi noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun jazolarni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Endilikda bu huquqbuzarlik guruh tomonidan sodir etilgan taqdirda o‘ta og‘ir jinoyat sifatida baholanadi. Bu haqda «Kommersant» nashri xabar berdi.
Mazkur moddani buzganlik uchun sakkiz yildan 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va uch milliondan besh mln rublgacha (395 milliondan 659 mln soʻmgacha) jarima solish jazosi belgilangan.
Shuningdek, Rossiyada hujjatlarni soxtalashtirish yoki xizmat mavqeyidan foydalanib, noqonuniy migratsiyani tashkil etish uchun jazo kuchaytirildi. Buning uchun besh yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Bundan tashqari, rossiyalik deputatlar soʻnggi Davlat dumasi majlisida migratsiya siyosati sohasida yana bir qonunni qabul qildi. Hujjatga koʻra, Rossiyaga xorijiy fuqarolarni noqonuniy tarzda olib kirish boʻyicha xizmatlar taklif qiluvchi saytlar sud qarorisiz bloklanishi mumkin. Endilikda noqonuniy migrant tomonidan jinoyat sodir etilishi ogʻirlashtiruvchi holat deb hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya Federatsiyasida migratsiya siyosatini kuchaytirish rejalari haqida yozgan edi.