Prezident «Yangi Navoiy» shaharchasi qurilishi bilan tanishdi – video
Shavkat Mirziyoyev «Yangi Navoiy» shaharchasining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirib, hududdagi nuroniy va ziyolilar bilan suhbatlashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, loyiha uchun 1,1 ming gektar yer Karmana tumanidan Navoiy shahriga o‘tkazildi. Ilk bosqichda 450 gektar maydonda qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Yangi shaharchada 7 – 22 qavatli uy-joylar, 4,1 ming o‘rinli umumta’lim maktablari, 1,6 ming o‘rinli bog‘cha va poliklinikalar quriladi. Shuningdek, u yerdan «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, Navoiy davlat pedagogika institutining yangi kampusi ham o‘rin oladi.
Shaharchada sayilgoh, ko‘ngilochar maskanlar, savdo do‘konlari hamda ovqatlanish shoxobchalari ham tashkil etiladi.
«Bugun bu yerga Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman, 3 ta shaharning ertangi kuni qanday bo‘ladi, degan savolga javob topish uchun keldik. Aslida, bitta ro‘zg‘orni tebratishning o‘zi bo‘lmaydi. Xudoga shukur, aholimiz 38 millionga yaqinlashayapti. Buning uchun xalqimizga munosib mustahkam zamin yaratib borishimiz kerak. Bunday yangi shaharchalarni nima uchun qurayapmiz? Yoshlarimiz o‘sib kelayapti. Ular o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida ishlab, yaxshi yashashi uchun hamma hududlarda sharoit yaratamiz», – dedi prezident.
Shaharcha hududidagi yer maydonlari e-auksionga qo‘yilib, g‘olib bo‘lgan qurilish tashkilotlari bilan investitsiya shartnomasi tuziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida kimyo texnoparki qurilishi haqida yozgan edik.