Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Hydrogen Peroxide qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Ushbu korxonada sanoatda keng qo‘llaniladigan vodorod peroksidi ishlab chiqariladi
Rasm: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 31-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi va Navoiy shahridagi Uzbekistan Hydrogen Peroxide qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu korxonada sanoatda keng qo‘llaniladigan vodorod peroksidi ishlab chiqariladi. O‘zbekistonning ushbu kimyoviy birikmaga bo‘lgan yillik talabi 15 ming tonnadan ortiq.

Zavod joriy yilda qariyb $30 millionlik loyiha doirasida qurilib, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Italiya va Shvetsiyadan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Ushbu korxonada 80 ga yaqin ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, zavod yiliga 30 ming tonna vodorod peroksid ishlab chiqarish quvvatiga ega.

«Bu korxona shu jihatdan ma’qul. Endi ishlab chiqarish barqarorligini va xaridorlar ishonchini kafolatlash uchun xomashyo bilan ta’minlash kerak. Mahalliylashtirish dasturi asosida qulay shartlarda kredit ajratish ham mumkin», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning yarmi ichki bozorga, qolgan qismi esa MDH va Yevropa davlatlariga eksport qilinadi. Qisqa vaqt ichida korxona qariyb $1,5 millionlik eksportni amalga oshirgan bo‘lib, yillik eksport salohiyati $10 millionni tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston prezidenti deputatlar saylovida ovoz bergani haqida yozgan edi.