Yangiliklar

Navoiy viloyatida kimyo texnoparki qurilmoqda

Texnoparkning eksport salohiyati 2026-yilga borib $30 millionga yetishi rejalashtirilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 31-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Karmana tumanida qurilayotgan Zarafshon industrial technology kimyo texnoparkiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoylik ishbilarmonlar tomonidan 130 gektar maydonda kimyo texnoparki tashkil etilmoqda. Bu yerda umumiy qiymati $1 milliarddan ortiq bo‘lgan 18 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirda 40 ming tonna oleum va 170 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, texnoparkni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan 1,4 megavatt quvvatga ega energoblok qurildi.

Davlat rahbari $150 millionlik 1 mln tonna sulfat kislotasi, $120 millionlik 50 ming tonna kaustik soda va $135 millionlik 100 ming tonna ftalotsianin (to‘qimachilik bo‘yog‘i) ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalar haqida ma’lumot oldi.

Texnoparkda hozirda 300 nafar xodim ishlamoqda va barcha loyihalar yakunlangach, 2 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Antraxinon, kaustik soda, mis xloridi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Texnoparkning eksport salohiyati 2026-yilga borib $30 millionga yetishi rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat rahbari Uzbekistan Hydrogen Peroxide qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishgani haqida yozgan edi.