Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida IT Park Uzbekistan oʻz vakolatxonasini ochdi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ochilish marosimi 30-oktabr kuni boʻlib oʻtdi. Vakolatxona Oʻzbekiston – Koreya IT-biznes alyansi doirasida faoliyat yuritadi va ikki mamlakat texnologiya kompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishni maqsad qilgan.
IT Park direktori Jahongir Rajabovning ta’kidlashicha, vakolatxona Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor boʻladigan urugʻ sifatida barpo etildi.
«Koreyada ofisning ochilishi IT Park uchun muhim bosqich boʻldi. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan IT sohasini rivojlantirishga qaratilgan farmon imzolangunga qadar yetti yil oldin tasavvur qilish qiyin boʻlgan yutuqdir. Ishonchimiz komilki, ushbu ofis mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni tezlashtirib, ikkala ekotizimga ham foyda keltiradi», – dedi u.
IT Park Uzbekistan xabariga ko‘ra, bu qadam Janubiy Koreyaning Oʻzbekistonga istiqbolli global IT-markaz sifatida qiziqishi ortib borayotgani ifodasidir. 2024-yilning uchinchi choragi yakuniga koʻra, Oʻzbekistondan Koreyaga IT-xizmatlar eksporti 4,6 baravarga oshdi.
Avvalroq «Kursiv» IT Park Uzbekistanʼning eksport qamrovi 78 ta mamlakatga yetgani haqida xabar bergan edi.