Yangiliklar

Navoiy viloyatida yaylovlarga dronlar yordamida urug‘ sepiladi

Ushbu urug‘larni sepishda qishloq xo‘jaligi dronlari qo‘llanilishi rejalashtirilgan
Foto: Kinwun /www.depositphotos.com

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida 350 ming gektar yaylovga dron bilan iqlimga mos ozuqa ekinlari, dorivor va ziravor urug‘larni sepish vazifasini topshirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ushbu urug‘larni sepishda qishloq xo‘jaligi dronlari qo‘llanilishi rejalashtirilgan. Yaylovlarning 43 foizi Navoiyda joylashgani bilan respublikadagi chorva mahsulotining 5 foizini ham bermasligi qayd etildi.

Shuningdek, 100 ming gektar suvli yerning 72 foizi nasosda sug‘oriladi. Nasoslarning aksariyati eskirgan va energiya sarfi yuqori. Shunga qaramasdan viloyatning 50 ming gektarida suv tejovchi texnologiyalar bor.

Davlat rahbari 20 ming gektar yerlarni foydalanishga kiritish, 7 ming gektar bog‘ va tokzorlarni yangilash, hamma suvli yerlarni to‘liq lazerli tekislab, takroriy ekin sifatida 10 ming gektarda kungaboqar yetishtirish zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan hosildorligi past yerlar bog‘dorchilik uchun 30 yilgacha ijaraga berilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.