Joriy yilning oktabr oyida 0,8 foizlik oylik inflyatsiya qayd etilib, yillik inflyatsiya darajasi esa 10,2 foizni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, oktabrda benzin narxi 1,5 foizga, propan narxi esa 1,2 foizga ko‘tarilgan xolos.
«Agentlik benzin va propan narxlarini qaysi hududlarda va qaysi shoxobchalarda kuzatayotgani e’lon qilib qo‘ysa bo‘lardi (o‘zbekistonliklar ham o‘sha arzon shoxobchalardan yoqilg‘i olish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari uchun)», – deya izoh qoldirgan iqtisodchi Otabek Bakirov.
Oktabr oyida oziq-ovqatlar 1,1 foizga, nooziq-ovqatlar 0,7 foizga, xizmatlar esa 0,8 foizga qimmatlagani ko‘rsatilgan. Shuningdek, oy davomida yog‘ 2,3 foizga, tuxum 1 foizga, sut 0,9 foizga, qo‘y go‘shti 1,2 foizga, mol go‘shti 0,8 foizga qimmatlagan.
Yiliga tovarlar narxi 8,1 foizga, xizmatlar narxi 28,7 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari narxi esa 2,2 foizga oshgan. Ayni damda meva va yong‘oqlar narxi 7,4 foizga, sabzavotlar 7,6 foizga, sut mahsulotlari esa 2,8 foizga arzonlashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank O‘zbekiston iqtisodiyotining 2027-yilgacha bo‘lgan ssenariylari haqida xabar bergan edi.