Pavel Durovning ta’kidlashicha, Telegram messenjerini video platformaga aylantirish uchun ilk qadamlar qo‘yilgan. Shuningdek, endilikda messenjerda video ko‘rish avvalgiga nisbatan ancha qulay bo‘lishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, avvallari Telegram’ga yuklangan turli video lavhalar qaysi formatda bo‘lsa shu formatda namoyish etilgan. Buning natijasida foydalanuvchilar ko‘plab noqulayliklarga duch kelgan. Masalan, gigabaytlar ma’lumotlarni yuklab olishga va videolavhaning to‘liq yuklanishini kutishga majbur bo‘lar edi.
«Endi siz video ko‘rayotganingizda, Telegram avtomatik ravishda internet tezligingizga mos eng yaxshi sifatni tanlaydi», – dedi Durov.
Qayd etilishicha, yangilanishdan so‘ng, messenjer internet tezligiga qarab avtomatik ravishda videoni yuklashga mos keladigan sifatni tanlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Pavel Durov Telegram’da 10 ta yangi funksiya ishga tushishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.