Yevropa Ittifoqi Xitoyning Temu savdo platformasiga nisbatan tergov ishlarini boshladi. Internet-doʻkon raqamli xizmatlar (DSA) talablarini buzib, noqonuniy mahsulotlarni sotganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Ushbu platforma noqonuniy mahsulotlar sotilishini nazorat qila olmasligi mumkin, degan xavotirlar mavjud. Agar Yevropa Ittifoqi savdo platformasi DSA’ni buzayotganini aniqlasa, unga nisbatan katta jarima qo‘llaniladi.
«Biz Temu kompaniyasi DSA talablariga toʻliq amal qilishini taʼminlash istagidamiz. Xususan, ularning platformasida sotilayotgan mahsulotlar Yevropa Ittifoqi standartlariga javob berishi va isteʼmolchilar salomatligiga zarar yetkazmasligini kafolatlash maqsadidamiz», — dedi raqobat boʻyicha komissar Margret Vestager.
Rasmiylarning bildirishicha, Temu kompaniyasi Yevropa Ittifoqining tergoviga tezkor javob qaytarib, barcha savollarga deyarli darhol javob bergan.
«Temu kompaniyasi DSA qonun talablariga jiddiy ahamiyat beradi va muvofiqlik tizimimizni mustahkamlash va platformamizda mijozlar manfaatlarini himoya qilishga doimiy ravishda investitsiya kiritib kelmoqda. Biz umumiy maqsadimiz boʻlgan xavfsiz va ishonchli isteʼmolchilar bozorini yaratish maqsadida nazorat qiluvchi organlar bilan toʻliq hamkorlik qilamiz» , — deyiladi kompaniya bayonotida.
Onlayn do‘kon Yevropa Ittifoqida tez surʼatlar bilan ommalashmoqda. Aprel oyida foydalanuvchilar soni 75 millionni tashkil etgan boʻlsa, sentabr oyiga kelib bu koʻrsatkich 92 millionga yetdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon arzon tovarlar internet do‘konini ochishi haqida yozgan edi.