Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Zarafshon aeroporti faoliyatini qayta tiklash masalasini o‘rganib chiqish va tegishli takliflar kiritish topshirildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida jami 200 mingdan ziyod aholi yashaydi. Hudud aholisi Toshkent shahriga borish uchun ular avval avtomobilda 250-300 kilometr masofani bosib o‘tib Navoiy shahriga yetadi. So‘ngra bu yerdan poytaxtga poyezd yoki samolyot bilan yo‘l olishga majbur bo‘lmoqda.
Hozirgi kunda Zarafshon shahrida 80-yillarda qurilgan aeroport ish faoliyatida emas. Ushbu aeroport faoliyatini qayta tiklash masalasi o‘rganilib, tegishli takliflar kiritish topshirildi.
Ma’lumot uchun, Zarafshon shahrida aholi soni 2–3 yil ichida 100 mingdan oshishi kutilmoqda.
«Mas’ullarga ijtimoiy infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarini qish mavsumiga sifatli tayyorlash, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi yuklatildi», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoro viloyatiga infratuzilma, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun $100 million ajratilishi haqida xabar bergan edi.