Oliy Majlis Senati a’zolari saylovini oʻtkazish sanasi belgilandi
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari deputatlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarini saylash bo‘yicha qo‘shma majlislari 7 − 12-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining yigʻilishida ma’lum qilindi.
Saylov kodeksiga muvofiq, Senat a’zolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylanganidan keyin bir oydan kechiktirmay oʻtkaziladi. Senat a’zolari deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
27-oktabr kuni Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi boʻlib oʻtdi. Bu saylovlar birinchi marta aralash (majoritar-proporsional) tizimda oʻtkazildi.
Ma’lumot uchun, endilikda Senat 65 a’zodan iborat boʻlib, ular Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – 4 nafardan saylanadi. Shuningdek, 9 nafar senator prezident tomonidan tayinlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan deputatlar saylovi natijalari e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.