Germaniya prokuraturasi Usmonovga nisbatan tergovni to‘xtatdi
Frankfurt-Mayn (Germaniya) bosh prokuraturasi o‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonovga nisbatan jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha tergovni to‘xtatdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi tadbirkorning advokatlariga tayanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, ikki yarim yil davomida tergov milliarderga qarshi dalillar topa olmadi va o‘z navbatida, prokuratura tadbirkorni jinoiy javobgarlikka tortishni butunlay to‘xtatdi.
Usmonovga nisbatan tergov 2022-yil iyun oyida boshlangan edi. Qidiruvlar milliarderga aloqador kompaniyalarda o‘tkazildi. Keyinroq sud tintuv o‘tkazishni noqonuniy, tadbirkorga nisbatan qo‘yilgan gumonlarni esa asossiz deb topdi.
Milliarder vakillarining aytishicha, ta’qiblar tugaganidan keyin Alisher Usmonov Frankfurt-Mayn bosh prokuraturasi va uning mansabdor shaxslariga qarshi da’volaridan voz kechgan. Bundan tashqari, tadbirkor Gessen federal shtatidan ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilmaslikka qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alisher Usmonov FIE rahbari lavozimiga nomzod bo‘lgani haqida yozgan edik.