Yangiliklar

«Oʻzagrosanoatloyiha» savdoga qo‘yildi

Kompaniya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash korxonalari va fermer xo‘jaliklari uchun infratuzilmalarni loyihalash bilan shug‘ullanadi
Foto: AndrewLozovyi / depositphotos.com

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) «Oʻzagrosanoatloyiha» MCHJdagi 94,9 foiz ulushni ochiq auksion orqali sotish jarayonini boshladi.

Privatizatsiya boʻyicha maslahatchi sifatida «Abrau Capital» kompaniyasi jalb etildi.

«Oʻzagrosanoatloyiha» qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash korxonalari va fermer xoʻjaliklari uchun infratuzilmalarni loyihalash bilan shugʻullanadi. Tashkilotning ustav kapitali 182,7 mln soʻmni tashkil etadi.

Agar talabgor jismoniy shaxs bo‘lsa pasport yoki ID karta nusxasi va aktivni sotib olish uchun moliyaviy imkoniyatini tasdiqlovchi ma’lumotlar talab qilinadi.

Talabgor yuridik shaxs bo‘lganda esa korxona yoki firma haqida ma’lumot, shu jumladan, ta’sis hujjatlari (ustav) va faoliyat guvohnomasi nusxasi, STIR ma’lumotlari taqdim etilishi kerak. Bir nechta ta’sischi, ishtirokchi yoki aksiyador mavjud bo‘lganda, 5 foizdan ortiq ulushga ega bo‘lgan har bir shaxs va yakuniy benefitsiarlar haqida ma’lumot ko‘rsatilishi lozim. Bundan tashqari, so‘nggi uch yil uchun moliyaviy hisobotlar nusxasi, agar tashkilot uch yildan kam vaqt oldin tashkil etilgan bo‘lsa, mavjud faoliyat davriga oid hisobotlar taqdim etilishi zarur.

Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni taqdim etishdan oldin, ushbu bosqichga oʻtgan ishtirokchilar taklif etilayotgan summaning kamida 1 foiz miqdorida kafolat puli toʻlashlari va kompaniya faoliyatini kamida besh yil davomida saqlab qolish majburiyatini olishlari shart.

Sotish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Avval qiziqish bildirish haqida arizalar qabul qilinadi, soʻng majburiyatga ega boʻlgan takliflar qabul qilinadi. Ishtirok etishni istaganlar 2024-yil 5-dekabrga qadar almo@abraucapital.com elektron pochta manziliga ariza yuborishlari kerak.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat «Foton»dagi ulushini 151 mlrd so‘mga sotganini yozgan edi.