Yangiliklar

Oʻzbekiston fond bozori: qimmatli qogʻozlar uchun noyabr oyi qanday boshlandi

25-oktabrdan 1-noyabrga qadar UCI fond indeksi deyarli 1,2 foizga tushdi
Foto: Sergeyp / depositphotos.com

«Toshkent» respublika fond birjasidan (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalar ortda qolgan haftada har xil dinamikani koʻrsatdi. Kursiv Uzbekistan hafta davomida RFBdagi qimmatli qogʻozlarning oʻzgarishini oʻrganib chiqdi.

25-oktabrdan 1-noyabrga qadar UCI fond indeksi deyarli 1,2 foizga tushdi. Oʻtgan haftadan farqli oʻlaroq bu hafta bir qancha kompaniyalarning aksiyalari oʻsishga erishdi. Eng koʻp oʻsishga erishganlardan «Oʻzsanoatqurilishbank» (+7,01 foiz), «Oʻzbektelekom», (7,21 foiz) va «Ipoteka-bank»ning imtiyozli aksiyalari (+4,33 foiz) joy oldi.

Oʻz navbatida, haftani salbiy yakunlaganlar ham talaygina topiladi. Bular qatoridan «Biznesni rivojlantirish banki»ni (-15,69 foiz), «Ipak yoʻli» (-11,39 foiz), «Aloqa bank»ni (-34,69 foiz), «Qizilqumsement»ni (7,46 foiz) ko‘rish mumkin.

20 ta yuqori likvidli aksiyalardan toʻqqiztasi haftani yashil rangda yakunladi. Mazkur davrda «Toshkent» respublika fond birjasida 77,6 milliard soʻmlik 5,3 mingta bitim amalga oshirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan oʻtgan haftada qimmatli qogʻozlarning deyarli barchasi haftani salbiy yakunlagani haqida xabar bergan edi.