Samarqand, Jizzax va Sirdaryodagi elektr tarmoqlar boshqaruviga xususiy operatorlar jalb etiladi
Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi sohasini transformatsiya qilish, hududlardagi elektr tarmoqlari boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida elektr energiyasi ishlab chiqarishga $4,3 mlrd investitsiya ajratilib, 5,7 gigavatt yangi quvvatlar yaratildi. Elektr tarmog‘idagi asosiy korxonalar xalqaro kredit reytingini olishga muvaffaq bo‘ldi va raqobatbardosh kompaniyalarga aylanish maqsadida transformatsiya jarayonlari boshlanishi belgilandi.
Yig‘ilishda har bir energetika korxonasining tannarxni kamaytirish vazifasi ta’kidlandi. Bu jarayon loyihani maqbullashtirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va xaridlarni takomillashtirish orqali amalga oshirilishiga umid bildirildi.
Kelgusi yilda Samarqand, Jizzax va Sirdaryodagi tarmoqlar boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Energetikada raqobat bozorini tashkil etish konsepsiyasi doirasida zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Energetika korxonalari uchun 2024-yil tejamkorlik va samaradorlik yili deb belgilandi va ularda raqamlashtirish jarayonlari amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, tekshiruvlarni tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan edi.