Yerni ro‘yxatga olish uchun bir martalik to‘lovlar miqdori belgilandi
8-noyabrdan boshlab o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va unda qurilgan binolarga bo‘lgan huquqni e’tirof etishga qaratilgan qonun kuchga kiradi. Hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari 2018-yilning 1-mayiga qadar egallab turgan yer uchastkalarini uy yoki boshqa binolar qurish uchun ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.
Ijara huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bir martalik to‘lovlar Toshkent shahrida 1,8 mln, viloyatlar markazlarida 1,1 mln, viloyatlarga bo‘ysunuvchi shaharlar uchun 750 ming so‘m va boshqa hududlar uchun esa 375 ming so‘mni tashkil etadi.
Qonun bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlarida, xususiylashtirilgan uy-joylar ostidagi yer uchastkalari va turarjoy binolariga boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish imkonini beradi. Shuningdek, uchastka hududidan tashqaridagi foydalaniladigan qismlarini ham loyihalash mumkin bo‘ladi.
Qonuniylashtirishga to‘g‘ri keladigan yer uchastkalarining maksimal hajmi ularning joylashgan joyi va joylashish vaqtiga bog‘liq. Bunda 1998-yil 1-iyulgacha olingan yerlar uchun 0,24 gektar, 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-maygacha olinganlari uchun esa 0,12 gektar hajm belgilangan. Maksimal hajm Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlari uchun 0,06 gektardan oshmasligi lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mulk va ijara huquqi asosida sotilgan 1 gektar yerning o‘rtacha narxlari haqida yozgan edik.