Sirdaryo viloyati chegara o‘tkazish punktida jami 922 dona tilladan yasalgan zargarlik buyumlarining olib o‘tilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, «Malik» chegara o‘tkazish punktida fuqaroning ichki kiyimlariga 19 ta o‘ramda jami 468 dona brilliant toshlar bilan bezatilgan zargarlik buyumlari yashiringani aniqlangan.
Shuningdek, fuqaro qimmatbaho buyumlarni o‘tkazishda 14 yoshli nevarasidan foydalanishga uringan. Bolaning ichki kiyimlaridan ham 12 ta o‘ram topilib, unda 8 turdagi, jami 454 dona taqinchoqlar borligi aniqlangan.
Ushbu qimmatbaho buyumlarning umumiy og‘irligi 6,7 kilogrammdan ortiq bo‘lib, umumiy qiymati 5,6 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, jismoniy shaxslar respublikaga 65 grammgacha bo‘lgan qimmatbaho metall va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojxonasiz olib kirishlari mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportidan 600 mln so‘mlik zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.