Toshkent viloyatida MIB, soliq va bojxona xodimlari pora bilan ushlandi

eʼlon qilindi
Hozirda ularga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan
Foto: Aruba200-/Depositphotos

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan Toshkent viloyatida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida majbuiry ijro byurosi (MIB), soliq va bojxona xodimlari pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qibray tumani MIB xodimi hibsga olingan mol-mulklarni davlat auksioniga qo‘ymaslik evaziga fuqarodan $5 ming talab qilgan. U oldindan $2 ming olgan va $3 ming olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, Zangiota tumani soliq inpeksiyasi bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajarayotgan mansabdor ham korxonaga «rahnamolik» qilish hamda ushbu korxonada bir yil davomida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga $1,2 ming olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Yana bir holat Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining «Yallama» chegara bojxona postida yuz bergan. Inspektor-surishtiruvchisi taqiqlangan tovarlarni mamlakat hududiga o‘tkazishda yordam qilish evaziga $1 ming olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Qibray hamda Zangiota tumanlarida yuz bergan holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2 qism «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va aybdorlarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining «Yallama» chegara bojxona postida yuz bergan holat bo‘yicha esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan hokim oʻrinbosari tadbirkordan $20 ming pora olib qoʻlga tushgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek