Yangiliklar

300 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi bilan shaxmat o‘yini: Tashkent Chess turniri e’lon qilindi

Turnir 16 – 22-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi
Foto: Piotr Makowski / Unsplash

16 – 22-dekabr kunlari O‘zbekiston poytaxtida shaxmat bo‘yicha Tashkent Chess xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi shahar hokimligi.

Turnir poytaxt hokimligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va Sky Chess maktabi hamkorligida tashkil etiladi.

Musobaqa ishtirokchilari Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan berilgan reytingiga ko‘ra guruhlarga bo‘linadi. G‘oliblar standart format va blits bo‘yicha aniqlanadi.

Turnirda 12 va undan kichik yoshdagi bolalar ham ishtirok etishlari mumkin.

Tashkent Chess sovrin jamg‘armasi 300 million so‘mni tashkil qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Abdulla Aripov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga rahbarlik qilgani haqida yozgan edi.